• eye Maxsus imkoniyatlar
yangiliklar bo'yicha izlash
MA'LUMOT
Fotogalereya
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi
29.10.2021
1875
2021-yil 29-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.  Komissiya a’zolari 2021-yil 24-oktabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan, karantin qoidalariga amal qilgan holda Prezident saylovida 16 milliondan ziyod yoki 80,4 foiz saylovchi o‘z xohish-irodasini  erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

Prezident saylovini  katta qiziqish bilan kuzatib va o‘rganib borgan xalqaro tashkilotlarning missiyalari, xorijiy davlatlarning mingga yaqin kuzatuvchilari, yuzlab chet ellik jurnalistlar tomonidan mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotida qisqa muddat ichida amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlar alohida e’tirof etildi.

Saylov kodeksining 95-moddasiga muvofiq, Okrug bo‘yicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi okrug bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini, saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini, har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini hamda haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Okrug bo‘yicha saylov natijalari okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi, boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 14 ta okrug saylov komissiyalaridan saylov okrugi bo‘yicha ovoz berish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda yetkazib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi Okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida mazkur bayonnomalar Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablariga to‘liq amal qilgan holda rasmiylashtirilgan, deb topildi.

Majlis so‘ngida Komissiya a’zolari 2021-yil 24-oktabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomani tasdiqladilar. Majlisda kun tartibiga kiritilgan qaror ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati