Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Deputatlikka nomzodlar uchun eslatma

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 92-modda
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat.
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi bo‘lib, Senat a’zolaridan (senatorlardan) iborat.
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
 
 
Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi bo‘lishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.
 
 
Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas.
 
 
O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi
 
71-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
 
 
Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadir.
 
 
Quyidagilar:
 
 
sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
 
 
saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
 
 
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
 
 
 
90-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
 
 
 
Saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.
 
 
Quyidagilar:
 
 
sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
 
 
saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
 
 
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
 
 
Sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.