O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovida siyosiy partiyalar tomonidan saylovoldi tashviqotini amalga oshirishning ODOB-AXLOQ QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi kampaniyasida saylovoldi tashviqotini amalga oshirishda ishtirok etadigan siyosiy partiyalar xodimlari, ularning deputatlikka nomzodlari, vakolatli va ishonchli vakillari, kuzatuvchilari hamda boshqa ishtirokchilarning (keynigi o‘rinlarda – siyosiy partiya vakillari) odob-axloqqa oid asosiy qoidalarini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarning maqsad va vazifalari:
saylovoldi tashviqoti davrida yolg‘on axborot tarqatilishini oldini olish va qonunchilikka amal qilinishini ta’minlash;
saylovlarning umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkazish kabi asosiy prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash;
saylovchilarga barcha siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish hamda shu ma’lumotlar asosida o‘z tanlovini erkin amalga oshirish imkonini berish;
siyosiy partiya yoki uning nomzodlariga ovoz berish saylovchilarning erkin va ishonchli tanlovi bo‘lishini ta’minlash.
2-bob. Siyosiy partiyalar vakillarining odob-axloqiga oid asosiy qoidalar
3. Siyosiy partiyalar vakillari saylovoldi tashviqoti jarayonlarida quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladilar:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilish;
siyosiy partiya vakillarining shaxsiy hayot daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilish;
siyosiy partiyaning jamiyat hayotidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini hurmat qilish, shuningdek ijtimoiy axloqqa zid har qanday axborotni odobsizlarcha tarqatmaslik;
saylovchilarga nisbatan tovlamachilik, qo‘rqitish yoki majburlash, o‘zgacha noo‘rin ta’sir choralarini qo‘llamaslik va haq evaziga o‘ziga og‘dirib olmaslik;
saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘larini to‘lash orqali saylovoldi tashviqotini olib bormaslik;
saylovchilarni ovoz berishdan qaytarishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmaslik;
noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatmaslik;
shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligini buzmaslik;
mazkur Qoidalarga rioya etilishni ta’minlash, shuningdek ularni buzish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralarini ko‘rish.
3-bob. Ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali saylovoldi tashviqot olib borishning odob-axloq qoidalari
4. Siyosiy partiyalar vakillari ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali saylovoldi tashviqot olib borayotganda:
har qanday shaxsni obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘ymaslik, shu mazmundagi ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishi;
noto‘g‘ri va ijtimoiy axloqqa zid axborotni tarqatmaslik;
ommaviy axborot vositalari, jumladan Internet va ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalar nomidan joylashtirilgan har qanday soxta kontentga tezkorlik bilan munosabat bildirishi;
nomzodning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatmaslik, shuningdek nomzodlarning roziligisiz ularning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash yoki tarqatishdan tiyilishi;
zo‘ravonlikka undash, tuhmat, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, haqorat qiluvchi tashviqot olib bormasligi, shu kabi materiallarni rasman yoki anonim tarzda e’lon qilmasligi hamda Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatmasligi kerak.
5. Siyosiy partiyalar vakillari saylovoldi tashviqoti vositalari va texnologiyalaridan, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanishda odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilishlari hamda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashlari shart.
6. Siyosiy partiyalar vakillari sun’iy intellekt vositasida noto‘g‘ri axborot resursini ishlab chiqish, ishlatish yoki tarqatishdan, xususan:
soxtalashtirilgan, o‘ylab topilgan, yolg‘onligi oldindan ma’lum bo‘lgan, noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar yoxud materiallarni tarqatishdan;
sun’iy intellekt yordamida vafot etgan shaxslar nomidan audio-, video-, grafik va matnli axborotni yaratish hamda tarqatishdan;
saylovchilar fikrini chalg‘itish uchun soxta akkauntlar yoki avtomatik botlar yaratish va foydalanishdan tiyilishi kerak.
4-bob. Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallarini ishlatishda odob-axloq qoidalari
7. Siyosiy partiyalar vakillari bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatishda quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmalariga oladilar:
boshqa siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotiga xalaqit bermaslik, tashviqot materiallarini buzmaslik yoki yo‘q qilmaslik, shuningdek tashviqot materiallarini tarqatilishiga aralashmaslik;
boshqa siyosiy partiya vakillarining jinsi, irqi, millati, tili, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeiga nisbatan kamsituvchi bayonotlar tayyorlanishiga, ishlatilishiga yoki tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
diniy mazmundagi materiallardan foydalanmaslik;
konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sog‘ligiga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi ma’lumotlarni tayyorlash va tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik.
5-bob. Saylovchilar bilan uchrashuvlar davrida odob-axloq qoidalari
8. Siyosiy partiyalar vakillari saylovodi uchrashuvlar davrida quyidagi majburiyatlarni oladilar:
boshqa siyosiy partiyalarning saylovoldi uchrashuvlari, tashviqot tadbirlarini o‘tkazish, ularning saylovoldi dasturi va g‘oyalarini tarqatishda huquq va erkinliklarini hurmat qilish;
boshqa siyosiy partiyalar tomonidan ommaviy tadbirlar o‘tkazilishiga aralashmaslik hamda ushbu tadbirlarda qatnashishni xohlovchi shaxslarga xalaqit bermaslik;
boshqa siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlariga nisbatan tahdid va har qanday zo‘ravonlik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilarini saylovoldi tashviqotlariga jalb qilmaslik;
boshqa siyosiy partiyalar vakillarining tadbirlardagi nutqini bo‘lib qo‘yishga, shuningdek ular nutqini sharhlab borishga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
9. Siyosiy partiyalar tashkil etiladigan ommaviy tadbirlarda nutq so‘zlaydiganlar tomonidan boshqa shaxslarga nisbatan g‘azablantiruvchi yoki tuhmat qiluvchi so‘zlarni aytishga, tahdid qilish yoki har qanday zo‘ravonlikka chaqirishga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
10. O‘zbekiston Respublikasi butun hududida saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni Markaziy saylov komissiyasi hamda hududiy saylov komissiyalari amalga oshiradi.
11. Tashviqot nomzodlarni va partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzganlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq jinoiy va ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
13. Mazkur Qoidalar imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda Markaziy saylov komissiyasi va tegishli saylov komissiyalari tomonidan saylov natijalari rasman e’lon qilingungacha amal qiladi. Qoidalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish siyosiy partiyalarning umumiy qarori bilan amalga oshiriladi.
Toshkent shahrida 2024-yil 21-sentyabrda imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovida siyosiy partiyalar tomonidan saylovoldi tashviqotini amalga oshirishning odob-axloq qoidalari siyosiy partiyalar rahbarlari tomonidan imzolangan.